Farg‘onada Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni katta shodiyonalar bilan nishonlanmoqda
2025-12-13 18:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soha xodimlarini kasb bayrami – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va Hosil bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan davlatimizning yuksak mukofotlari — faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan farg‘onalik 8 nafar soha fidoyilarini yana bir bor muborakbod etdi. Kelgusida bunday mukofot egalari viloyatimizda yanada ko‘payishiga ishonch bildirdi.
Viloyat hokimi Davlatimiz rahbari boshchiliklarida qishloq xo‘jaligida katta islohotlar amalga oshirilayotgani, 10 dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham qator yangi tashabbuslar ilgari surilib, tizim uchun muhim qarorlar qabul qilinayotganini qayd etdi.
Farg‘onada 2025-yil qishloq xo‘jaligida misli ko‘rilmagan tub burilish yili bo‘lgani, katta marralarga erishilgani, shu bilan birga sohaga yangi ilm va imkoniyatlar kirib kelayotgani o‘z samarasini berayotganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, paxtachilik va g‘allachilikda shakllangan ilg‘or tajriba natijasida hosildorlik oshgani, paxtachilikda 70-90 sentnergacha hosil olish mumkinligi, g‘alladan esa hosildorlik 100 sentnerga chiqayotgani bildirildi.
Bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilikda ham Farg‘onada salmoqli ko‘rsatkichlarga erishilayotganligi aytildi. Qayta ishlash, logistka va eksport yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, viloyatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 67 ta davlatga eksport qilinmoqda va bunga talab yildan-yilga oshib borayotgani esa quvonarlidir.
Viloyat hokimi tadbirda qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nlishlariga alohida e’tibor qaratib, kelgusidagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xorij tajribasi, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini joriy etish orqali sohani yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari belgilanayotgani ma’lum qilindi.
Tantanali tadbirda Husanboy Gʻofurovga "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni topshirildi.
Hosil bayramida qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bir guruh fermerlarga hamda sohaning ilg‘or faxriylari va xodimlariga "Qishloq xo‘jaligi fidoyisi", "O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi", "Ilg‘or fermer", "Namunali tomorqachi", "Mehnatkash dehqon", "O‘zbekiston Respublikasi veterenariya fidoyisi" ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar Botir Qodirov, Alisher Fayz, Ziyoda ishtirokidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.









