Ilhomlantiruvchi uchrashuv: Dilorom Yo‘ldosheva Qo‘shrobotlik xotin-qizlarga tajribalari bilan o‘rtoqlashdi
2025-10-06 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Xabaringiz bor, joriy yilning avgust oyida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Qo‘shrobot tumanining Navkat mahallasida “Farovonlik markazi” foydalanishga topshirilgan edi. Kecha adliya vaziri Akbar Toshqulov tuman hokimi va viloyat faollari bilan birga mazkur markazda bo‘lib, uning bugungi ish faoliyatini ko‘zdan kechirdi. U yerda ish bilan ta’minlangan mahalla fuqarolari, bepul xorijiy til va kasb-hunar o‘rganayotgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi bilan muloqotda bo‘ldi.
🤔— Markazda ta’lim, tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan, — dedi adliya vaziri Akbar Toshqulov markaz faoliyatini tanishtirar ekan. — Bepul chet tili kurslari, IT kurslari, tikuvchilik, milliy qo‘g‘irchoq yasash ustaxonasi, quruq mevalarni qayta ishlash va qadoqlash, kasb-hunar kurslari shular jumlasidan. Muhimi, chet tilini o‘zlashtirgan yoshlar qonuniy yo‘l bilan xorijda ishga joylashishiga ko‘maklashiladi. Yil yakuniga qadar ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlanib, 11 nafar fuqaro ingliz tiliga, 20 nafardan ortiq shaxslar kasb-hunarga o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, markazda “Matonat” filmi qahramoni, surxondaryolik Dilorom Yo‘ldosheva bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Dastlab, hudud aholisi va markazda ishlayotgan, kasb-hunar o‘rganayotgan fuqarolarga ushbu film namoyish etildi. So‘ng D. Yo‘ldosheva bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Xususan, qahramonimiz bu maskanda tikuv-bichuv sirlarini o‘rganayotgan ayollarga o‘z tajribalarini o‘rgatdi, zarur maslahatlar berdi. O‘z navbatida, xotin-qizlar ham D. Yo‘ldosheva bilan bo‘lgan uchrashuv ularga katta kuch, shijoat va ilhom berganini ta’kidladilar.
🤔Ta’kidlash kerakki, bu kabi markazlarning barpo etilishi aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va qishloq joylarda iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Qishloqlarda zamonaviy bilim va kasblarga o‘rgatish, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi.






