Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida Niderlandiya Qirolligining ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda.
2025-11-27 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Adliya vaziri o‘rinbosari N.Muxammadiyev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Niderlandiya Ichki ishlar va Qirollik munosabatlari vazirligi, “Digi Campus” markazi, Raqamli hukumat xizmati hamda Kasb va innovatsiya agentligining rahbariyati va mas'ul shaxslari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish, bulutli texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni tatbiq etish, shuningdek, davlat xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etish borasidagi ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Niderlandiyaning davlat, biznes va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik asosida yangi raqamli yechimlarni yaratish hamda ularni sinovdan o‘tkazish jarayonlarini tashkil etishdagi muhim tajribasi alohida e’tirof etildi.
Uchrashuvlarda tomonlar davlat xizmatlarini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
Ushbu xizmat safari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Adliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil qilinmoqda.




