audio

    0+
    Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasining yangi maʼmuriy binosi ochilish marosimida ishtirok etdi

    Soʻngi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi, ichki ishlar organlariga ham juda katta eʼtibor qaratilib, sohani chinakam xalqchil va professional tuzilmaga aylantirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugun sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi maʼmuriy binolarning qurish, xodimlar uchun yaxshi mehnat muhitini yaratish orqali xizmat sifatini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli vazifalar bajarilmoqda.

    Ayni maqsadda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi uchun Nurafshon shahrida yangi zamonaviy maʼmuriy bino qurilib foydalanishga topshirildi.

    Maskanning tantanali ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov, Toshkent viloyati hokimi, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda hamkor huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rahbarlari, nuroniylar, soha faxriylari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

    Tadbirni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ochib, ayni kunda sohada olib borilayotgan ulkan islohotlar, muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan tizimni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qoʻyilayotgan dadil qadamlar haqida soʻz yuritib, ushbu huquq va xavfsizlik maskani kelgusida Toshkent viloyatida kriminogen vaziyatni toʻliq nazorat qilishda, xalqimizga sidqi-dildan xizmat qilishda muhim vosita ekanini taʼkidladi.

    Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va Ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatovlar ham keyingi yillarda xalqimiz farovonligini yuksaltirish, aynan ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlarga toʻxtaldilar.

    Marosim davomida mazkur binoni barpo etilishida jonbozlik koʻrsatgan quruvchi ustalar, fidoiy xodimlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Mehmonlar binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

    Shundan soʻng masʼullar ekologik muvozanatni saqlash, kelajak avlod uchun yashillikni taʼminlash maqsadida, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish marosimida ishtirok etdilar. Eʼtiborli jihati Ichki ishlar xodimlarining shaxsiy tashabbusi bilan shu kuni boshqarma hududi va atrofga mingdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, atrof tozaligiga eʼtibor qaratildi.

    Xalqimizda «Koʻchat ek, bogʻ yarat» degan naql bor. Chunki ekilgan koʻchatlar unib-oʻsib chiroyli manzara hosil qilsa, kishining dilini yayratib, koʻzlarni quvontiradi, ham havoning sofligini taʼminlaydi.

    Muxtasar aytganda, zamonaviy va barcha sharoitlarga ega mazkur bino, yaratilgan bogʻ hamda daraxtlar uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishi shubhasiz.

    • view_icon 399
    : 2024-04-21 07:42:46