AVTOMOBIL YO‘LLARI QO‘MITASINING 2024 YILDAGI FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA HISOBOT
AVTOMOBIL YO‘LLARI QO‘MITASINING
2024 YILDAGI FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA
HISOBOT
Umumiy ma’lumotlar
|
Nomlanishi: |
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi |
|
Tashkiliy-huquqiy shakli: |
Muassasa |
|
Yuridik manzili: |
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 68-uy |
|
Faoliyat turi: |
Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish |
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4954-son Farmoniga asosan Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“O‘zavtoyo‘l” DAK) negizida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5647-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi etib qayta nomlangan holda Transport vazirligi tarkibiga kiritilgan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va tabiiy ofatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yagona buyurtmachi hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Transport vazirligining qarorlariga hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi nizomiga amal qiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining
tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–330-son qarori bilan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmatlari;
tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari;
yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalari;
“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari;
Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi;
Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti;
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi;
“Avtoyo‘linvest” agentligi va boshqa korxonalar faoliyat yuritadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatining
2024 yildagi asosiy yo‘nalishlari
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2024 yil davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda ishlar olib borildi:
avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish;
avtomobil yo‘llarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini tashkil etish hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirish;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;
avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan, chet ellarda o‘quv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish;
avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etish;
avtomobil yo‘llarini loyihalash sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini ta’minlash;
yo‘l xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha
2024 yilda amalga oshirilgan asosiy tadbirlar
2024 yilda respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borildi:
yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlarida loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan to‘liq voz kechilib, loyihalar har bir hududning geologik va ekologik xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqildi;
loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda diagnostika qilish, yo‘l qoplamasining fizik xossalarini baholash, yer osti kommunikatsiya tarmoqlari mavjudligini qoplamani buzmagan holda tekshirish maqsadida Jahon bankining grant mablag‘lari hisobiga xarid qilingan zamonaviy raqamlashtirilgan 3D mobil skaneri, Deflektometr FFD 8012, Georadar RIS-HiPave rusumli va boshqa maxsus texnikalardan keng foydalanildi;
sifatli qurilish materiallari (yangi turdagi chaqiqtosh mastikali, A tipdagi asfaltbeton) va yangi markadagi bitum (BND 50/70 va polimerbitum) mahsulotlaridan keng foydalanildi;
sohaga oid me’yoriy hujjatlar to‘liq qayta xatlovdan o‘tkazildi va xatlov natijalariga ko‘ra 433 ta me’yoriy hujjatlar va standartlar mavjudligi aniqlandi, 2024 yilda sohaga oid 40 ta standart va me’yoriy hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqildi;
sohaga oid me’yoriy hujjatlar bazasi takomillashtirilib, mutaxassislarga elektron shaklda foydalanish uchun qulaylik yaratish maqsadida “Avtoyo‘l norma” elektron platformasi (avtoyulnorma.uz) ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi;
loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, yo‘l qurilishi ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olish (“hajm uslubi”) tartibi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi;
bajarilayotgan yo‘l ishlarining turlari optimallashtirilib, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari tasnifi yangi tahrirda ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari tugallangan obyektlarning asosiy konstruktiv elementlari hamda yo‘l harakatini tashkil etish texnik vositalariga kafolatli xizmat qilish muddatlarini qo‘llash tartibi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga ilk bor xususiy sektor jalb qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda uzunligi 20 kilometrdan jami 260 kilometr yo‘llarni ekspluatatsiya qilish ishlari autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi;
yo‘l bo‘ylaridagi daraxt va terak ko‘chatlarini aholi hamda yo‘l ishchilariga o‘zaro manfaat asosida ijaraga berish bo‘yicha yangi tizim yaratildi (hududlardagi 2 990 nafar aholi va yo‘l ishchilariga 2,6 mln donadan ziyod daraxt va terak ko‘chatlari o‘zaro manfaatli shartnoma asosida ijaraga berildi);
tadbirkorlik subyektlari ishtirokida xalqaro magistrallar bo‘yida andozaviy yo‘l bo‘yi infratuzilmasi majmualarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi (ushbu majmualar joylashtiriladigan 70 tadan ortiq koordinatalar aniqlandi va konsepsiyasi ishlab chiqildi);
tizim korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda yo‘llarda yuk avtomobillarining vazn parametrlarini nazorat qilish uchun 1 032 ta yangi yo‘l texnikalari va 32 ta ko‘chma tarozilar xarid qilindi, 2 215 ta yo‘l texnikalariga “GPS” moslamalari o‘rnatildi;
yo‘l ishlarida sifat nazoratini Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlash uchun 300 nafar mutaxassislar maxsus kurslarda o‘qitilib, tegishli sertifikatlar bilan ta’minlandi;
yetakchi xorijiy davlatlarda 74 nafar mutaxassis, xususan Germaniya, Ispaniya, Niderlandiya, Avstriya, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va boshqa davlatlarda malaka va tajribalarini oshirib keldilar;
Qo‘qon, Zomin va Urganch shaharlari aeroportlarining uchish-qo‘nish yo‘laklari Qo‘mita tizimidagi korxonalar tomonidan to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi;
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Temur Malik” ko‘chasida respublikamizda ilk marotaba yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurilib, foydalanishga topshirildi;
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida A 380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tuvchi 964-1204 km (240 km) qismini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
“Toshkent – Andijon” va “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishidagi pullik avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi;
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A 373 “Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan 100 km qismida intellektual transport tizimini joriy etish ishlari olib borildi.
2024 yilda tasdiqlangan dasturlar doirasida 12 trln 391 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarildi va 21 328 km avtomobil yo‘llari qurildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi, jumladan:
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 3 trln 205 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarildi va 777,5 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini texnik soz holatda saqlash bo‘yicha 3 trln 811 mlrd so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarilib, 6 883 km avtomobil yo‘llari ta’mirlandi va holati yaxshilandi;
“Tashabbusli budjet” dasturi doirasida 1 trln 918 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 4 094,5 km ichki yo‘llar ta’mirlandi, bundan tashqari hududlarda 8 281 km tuproq yo‘llar shag‘allashtirildi;
mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 370,8 mlrd so‘m hisobiga 971,9 km avtomobil yo‘llari ta’mirdan chiqarildi;
jami 315 dona ko‘priklarda ta’mirlash va tiklash ishlari olib borildi;
xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha 243,9 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirildi va 320 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi.

