Investisiya, eksport va turizm sohasidagi ustuvor vazifalar ijrosi o‘rganildi
2026-05-14 17:00:00 / Янгиликлар

Haftalik ish rejasiga muvofiq, chorshanba kuni investisiyalar, eksport va turizm sohasini rivojlantirish borasidagi vazifalar ijrosini o‘rganish kuni sifatida belgilangan.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ish kunini Niderlandiya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Niko Sxermers boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvdan boshladi. Uchrashuvda investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, logistika, yashil energetika, ilm-fan yo‘nalishlarida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Termiz shahridagi At-Termiziy ko‘chasida barpo etilayotgan mehmonxona qurilishi loyihasi ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida Prezidentimiz tomonidan turizm sohasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va vohamizning turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.
Keyingi manzil Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” bo‘ldi. Bu yerda yangi loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bandligini ta’minlash ishlari tashkil etilgan bo‘lib, tikuvchilik va qandolatchilik yo‘nalishlaridagi loyihalar hisobiga 300 ga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Viloyat rahbari loyihalarni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, qurilish ishlarini jadallashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilandi.
O‘rganish ishlari Qumqo‘rg‘on tumanida davom etdi. Dastlab, “Temir Beton” MCHJ faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda hududga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga ishlarni belgilangan talablar asosida tashkil etish va rejalashtirilgan ish o‘rinlarini to‘liq yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, “Janubiy Surxon” suv ombori hududida barpo etilayotgan turizm kompleksi qurilishi ham ko‘zdan kechirildi. Qurilish ishlarini jadallashtirish va loyihani sifatli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tashrif yakunida Sho‘rchi tumanida 6,9 gektar maydonda tashkil etilayotgan bananchilik kompleksida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Mas’ullarga qurilish va ta’mirlash ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Ish kuni yakunida viloyat hokimligida investorlar va eksportyor tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, sohadagi mavjud muammolar, yangi taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.




