Yong‘in va is gazi xavfsizligi bo‘yicha “Dolzarb 70 kunlik” profilaktik tadbirlariga start berildi
2025-12-12 14:35:00 / Янгиликлар

Surxondaryo viloyatida qish mavsumida yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘lgan yong‘inlar va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, joriy yilning 1-30-dekabr kunlari o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugun mazkur oylik doirasida, aholini qish mavsumida is gazi va boshqa favqulodda holatlardan himoya qilish, xatarli vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan navbatdagi yig‘in o‘tkazildi. Tadbir Surxondaryo viloyati hokimi – fuqaro muhofazasi boshlig‘i Ulug‘bek Qosimov rahbarligida, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, FVDQT kuch tuzilmalari xodimlari, “mahalla yettiligi” mutasaddilari, shuningdek, video-konferensaloqa orqali shahar va tumanlar mas’ullari ishtirokida, maxsus texnikalar jalb etilgan holda o‘tkazildi.
Viloyat hokimi hududlar, sohalar va tarmoqlar kesimida qish mavsumini xavfsiz va barqaror o‘tkazish, energiya resurslarini uzluksiz yetkazish, uzilishlarni oldini olish vazifalarini belgilab berdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar tizimli tashkil etilishi maqsadida “Dolzarb 70 kunlik” profilaktik chora-tadbirlariga start berildi.
Shuningdek, “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa inshootlarni yong‘in va is gazi xavfidan himoya qilish bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish hamda kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralarni amalga oshirish topshirildi.









