BOSHLANG‘ICH TA’LIM O‘QITUVCHILARIGA MILLIY SERTIFIKAT BERISH TIZIMI YUZASIDAN MA’LUMOT
2026-11-03 20:40:00 / Yangiliklar
Yuqoridagi qarorga muvofiq, milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lash belgilangan. Bunda ustama olish huquqi B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgan pedagoglarga taqdim etiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga milliy sertifikat imtihonida 90 ta test topshirig‘ining qo‘llanilishi baholashning maqsadi, qamrab olinadigan kompetensiyalar ko‘lami va natijalarning ishonchliligini ta’minlash zarurati bilan bog‘liq. Test topshiriqlari soni tasodifiy yoki ustama miqdoridan kelib chiqib belgilanmaydi. Test topshiriqlari soni baholanadigan bilim va ko‘nikmalarning mazmuni, ularning murakkabligi hamda natijalar asosida chiqariladigan xulosalarning aniqligi kabi turli mezonlar asosida shakllantiriladi.
Mazkur imtihon spetsifikatsiyasiga muvofiq, jami 90 ta topshiriq uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan bo‘lib, har bir yo‘nalishga 30 tadan savol ajratilgan:
ona tili – o‘qish savodxonligi va uni o‘qitish metodikasi;
matematika va uni o‘qitish metodikasi;
pedagogik mahoratni aniqlash.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha yetarli miqdordagi topshiriqlarning kiritilishi tasodifiy javoblar ta’sirini kamaytirish, turli mazmun va murakkablikdagi topshiriqlar orqali kompetensiyalarni kengroq qamrab olish va baholash natijalarining validligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu sababli 90 ta topshiriqni aynan muayyan ustama foiziga bog‘lash ilmiy-metodik jihatdan asosli yondashuv hisoblanmaydi. Savollar soni pedagogga beriladigan rag‘bat miqdorini emas, uning kasbiy kompetensiyalarini qay darajada ishonchli o‘lchash zaruratini ifodalaydi.
Imtihon tarkibida o‘qitish metodikasi, pedagogik va psixologik bilimlar, metodik moslashuvchanlik hamda amaliy vaziyatlar (keys) ga oid topshiriqlarga alohida o‘rin berilgan. Bunday topshiriqlar orqali pedagogning nafaqat muayyan fan bo‘yicha nazariy bilimlari, balki ushbu bilimlarni ta’lim jarayonida qo‘llash, o‘quvchilarning o‘zlashtirishidagi qiyinchiliklarni aniqlash va tegishli yechimlarni tanlash qobiliyati ham baholanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda imtihon to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar muayyan ijtimoiy toifalarga mansub shaxslar uchun belgilangan. Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ayrim oilalar uchun tegishli miqdorlarda chegirmalar nazarda tutilgan.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini milliy sertifikatlash tizimi ularning fan bo‘yicha bilimlari, metodik tayyorgarligi va pedagogik mahoratini kompleks baholash, kasbiy rivojlanishini rag‘batlantirish hamda boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
