Rasmiy munosabat
2026-10-17 17:30:00 / Yangiliklar

1. "Ishonch" gazetasining 2026-yil 15-oktyabrdagi 125-sonida "Imtihonlar va o‘quv dasturi qachon moslashtiriladi?" sarlavha ostida maqola eʼlon qilingan bo‘lib, unda asosan maktab o‘quv dasturlari va oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlari savollari va maktab o‘quv dasturlarida tafovut borligi tilga olingan. Bu borada quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Test savollarini shakllantirish o‘zining huquqiy asoslariga ega. Bugungi kunda test savollarini shakllantirish tartiboti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884-son qarori bilan belgilab qo‘yilgan.
Qarorning 9-bandiga ko‘ra, davlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilingan.
Unga muvofiq:
test sinovi topshiriqlari davlat taʼlim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuziladi;
test sinovi materiallarining maʼno-mazmuni umumiy o‘rta taʼlim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi;
abituriyentlarning nazariy bilimlarni o‘zlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va taʼlimning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi.
Ushbu sohadagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan mazkur qarorga muvofiq tashkil etilmoqda hamda test savollarini shakllantirish, imtihonlarni o‘tkazish adolat, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir shakllantirilgan test savolining o‘ziga xos pasporti mavjud bo‘lib, unda muallifi, qaysi dastur asosida tuzilgani, qaysi darslikdan foydalanilgani, darajasi kabi ma’lumotlar qayd etib boriladi. Bulardan tashqari, savollar bir necha bor ekspertiza va aprobatsiyadan o‘tkazilgandan va belgilangan talablarga javob bergandan keyin bazaga kiritiladi.
2. Shuningdek, turli ijtimoiy tarmoq sahifalarida milliy sertifikat uchun ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilik bo‘layotgani, talabgorlar saytga kirolmay qiynalayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Ma‘lumki, talabgorlarning ro‘yxatdan o‘tishi to‘liq my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi. Haqiqatan ham, my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ba’zi uzilishlar yuzaga kelgani aniqlangan hamda tegishli tashkilotlar tomonidan bartaraf etilgan.
Joriy yil 16-oktyabr kuni my.gov.uz ning Telegramdagi rasmiy kanalida shu masalaga bag‘ishlangan posti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan biologiya, kimyo, matematika va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlarida qatnashish uchun jami 203 mingdan ortiq ariza kelib tushgan (16-oktyabr kuni holatida). Jumladan, 44 ming ariza my.gov.uz portali orqali, 159 mingdan ortiq‘i MyGov ilovasi orqali rasmiylashtirilgan.
