“Uzbek Gift Contest” tanlovining ikkinchi bosqichiga start berildi
2026-10-02 09:15:00 / Yangiliklar

Tanlovdan maqsad milliy hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy turistik sovg‘a sifatida targ‘ib qilish, hududlardagi ijodkorlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda turistlar uchun ixcham, sifatli va hamyonbop esdalik sovg‘alari namunalarini yaratishdan iborat.
Ikkinchi bosqich hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar birinchi bosqichda g‘olib deb topilgan 10 ta eng yaxshi dizayn va eskiz bilan tanishadi. So‘ng ulardan birini tanlab, shu asosida amaliy suvenir mahsuloti yaratadi.
Hunarmandlar o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, mahsulotni ijodiy g‘oyasi asosida yanada takomillashtirishi mumkin.
Ishtirok etish uchun onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Tayyorlangan mahsulot joriy yilning 10-noyabriga qadar “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarmalariga topshiriladi.
Kelib tushgan ishlar orasidan eng yaxshi 10 ta mahsulot g‘olib deb topiladi. G‘oliblarning har biri 20 mln so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan suvenir mahsulotlari keng ommalashtirish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun soha vakillariga taqdim etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish havolasi: https://forms.gle/pn1zvDRQZDb97fQx5
