O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-348-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tashkil etildi.
Qo‘mita turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
2019-yil 18-iyulda “Turizm to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, mazkur qonun turizm sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Turizm qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- turizm turlarini ko‘paytirish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, ta’lim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda ularni turizm bozorlarida joriy qilish;
- turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketingini olib borish, mamlakatning turizm imijini yanada rivojlantirish, mamlakatimizning bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targ‘ib qilish, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;
- turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar, birinchi navbatda, BMTning Jahon turizm tashkiloti, shuningdek, xorijiy kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish va boshqalarda iborat.
Turizm qo‘mitasi tizimiga quyidagilar kiradi:
1. Qo‘mitaning markaziy apparati;
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar turizm boshqarmalari;
3. “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DM;
4. “Milliy PR-markazi” DM;
5. “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” DM;
6. “Ipak yo‘li ofisi” UK;
7. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda uning Toshkent filiali davlat muassasasi;
8. “Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” DM.
