Turistik startaplar uchun yangi davlat xizmati ishga tushirildi
2026-09-17 09:15:00 / Yangiliklar

Xizmat orqali turizmda yangi va innovatsion xizmat, texnologiya yoki mahsulot yaratishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari subsidiya olish uchun elektron tarzda murojaat qilishi mumkin.
Ariza portal orqali Turizm qo‘mitasiga elektron shaklda yuboriladi. Unga startapni amaliyotga joriy etish bo‘yicha biznes-reja va loyiha taqdimoti ilova qilinadi.
Loyihalar baholanishida ularning turistik xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgani, turistlar uchun dolzarbligi, shuningdek ilgari mavjud bo‘lmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechim taklif etishi inobatga olinadi.
Yangi xizmat turizmda innovatsion va yangi turdagi xizmatlar rivojiga, turistlar uchun zamonaviy turistik mahsulotlar taklifining kengayishiga hamda sohaga yangi biznes va texnologik yechimlarni jalb etishga xizmat qiladi.
Avvalroq turizm sohasidagi startaplar uchun 1 milliard so‘mgacha subsidiya berish tartibi tasdiqlangandi.
