Turkiy davlatlar tashkiloti Transport vazirlari 8-yig‘ilishi o‘tkazildi
2025-10-01 10:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Qozog‘iston Respublikasi Transport vaziri Nurlan Sauranbayev, Turkiya Respublikasi Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘ralo‘g‘li, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov, Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirining o‘rinbosari Rahmon Gummatov, Qirg‘iz Respublikasi Transport va aloqa vazirining o‘rinbosari Almaz Turgunbaev hamda TDT Bosh kotibi Elchi Kubanichbek Omuraliyev ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov uchrashuvdagi nutqida TDT mamlakatlari bilan yuk tashish hajmining o‘sishi va tashkilotga a’zo mamlakatlarning mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun uzluksiz yuk yetkazib berish zanjirini yaratish bo‘yicha birgalikda amalga oshirgan ishlarining ijobiy natijalarini qayd etdi.
Transport vaziri yuk tashuvlari jarayonida to‘liq elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tish va buni TDT doirasida o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, I.Maхkamov joriy yilning 11-12- noyabr kunlari Toshkentda TDTning multimodal transport forumi hamda aviatsiya, aeroportlar va logistika sohasidagi xalqaro forum o‘tkazilishini e’lon qildi.
Vazir ushbu tadbirlar davlat organlari, biznes hamjamiyati va transport sohasi ekspertlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.







