BOEING bilan Dreamliner havo kemalari xaridi bo‘yicha tarixiy shartnoma imzolandi
2025-09-23 15:00:00 / Yangiliklar

Muzokaralar yakuniga ko‘ra joriy yil 22-sentabrda “Uzbekistan Airways” AJ hamda Boeing korporatsiyasi o‘rtasida jami 22 ta Boeing – 787-9 havo kemalarini harid qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga tashrifi doirasidagi “AQSHning ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi”da ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalar hajmini oshirish bo‘yicha erishilgan eng yirik shartnomalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Keng fyuzelyajli samolyotlar parkini kengaytirish Uzbekistan Airwaysga asosiy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini ko‘paytirish, reyslar jadvalini barqarorlashtirish hamda marshrutlar tarmog‘ini rivojlantirish imkonini beradi.
Bu esa Markaziy Osiyoni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘laydi. Loyiha milliy rivojlanish dasturi – “O‘zbekiston – 2030” maqsadlariga javob beradi va aviakompaniyaning strategik vazifasi – Toshkentni mintaqaning yetakchi xalqaro tranzit xabiga aylantirish maqsadiga xizmat qiladi. Shu orqali turizm, investitsiyalar va xalqaro hamkorlik rivojiga keng yo‘l ochiladi.



