Toshkent davlat transport universitetida yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
2025-08-29 16:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ramatov Achilbay Jumaniyazovich kirish so‘zi bilan so‘zga chiqib, ushbu majmuaning sohaga yuqori malakali, raqobatbardosh va innovatsion fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlashda katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Abduraxmanov Odil Qalandarovich ham nutq so‘zlab, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi va universitet ilmiy-amaliy faoliyatida bunday yirik qadamlar transport tizimining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdi.
Marosimda vazirliklar, tashkilotlar va qo‘mitalar rahbarlari hamda xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Yangi o‘quv binosi 21 ta o‘quv va ilmiy laboratoriya, 71 ta ma’ruza va o‘quv xonasidan iborat bo‘lib, sohaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy texnika va jihozlar bilan ta’minlandi. Avtomobil transporti, yo‘lsozlik, aviatsiya va metallurgiya yo‘nalishlari uchun maxsus trenajyorlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, KIA, Abozor va BYD kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan tematik auditoriyalar talabalar uchun ishlab chiqarishga yaqin sharoitlarda amaliy ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini yaratmoqda.
Shuningdek, “Barqaror transport”, “Avtomobil muhandisligi”, “Ishlab chiqarish muhandisligi”, “Metrologiya”, “Ko‘tarish-tashish va yo‘l qurilish mashinalari”, “Ekologiya” hamda “Ximotologiya” kabi zamonaviy laboratoriyalar faoliyatini boshladi. Ular nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, amaliy tajribalarni mustahkamlash va talabalarni real ilmiy izlanishlarga jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
Yangi laboratoriyalar bazasi keng ko‘lamli ilmiy-amaliy ishlanmalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Xususan, elektromobillar batareyalarini sinovdan o‘tkazish, uchish apparatlari konstruksiyasini tadqiq etish, materialshunoslik va materiallar texnologiyasini chuqur o‘rganish, avtomobillardan chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish bo‘yicha innovatsion izlanishlarni olib borish imkoniyati yaratildi.
Mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi Toshkent davlat transport universitetining ilmiy salohiyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Endilikda universitet nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz transport sohasi uchun ham yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bu esa O‘zbekistonning transport tizimini modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida e’tirof etiladi.








