Faxriylar va yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
2025-08-26 15:00:00 / Yangiliklar

Transport vazirligi Faxriylar kengashi, birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan Sport vazirligi hamkorligida nuroniylar va yoshlar ishtirokida “Uch avlod” uchrashuvi tashkil etildi.
Poytaxtimizda yangi barpo etilgan Olimpiya shaharchasida o‘tkazilgan mazkur tadbir yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, barcha jabhalardagi yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlod qalbida yurtga sadoqat, faxr va g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbir har bir ishtirokchi qalbida iliq taassurot qoldirdi. Suhbatda keksalar o‘z hayot yo‘li, boshdan kechirgan davr sharoitlari, mehnat va hayot saboqlari haqida so‘zlab, Yangi O‘zbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, har jabhadagi o‘zgarish va yangilanishlar, imkoniyatlar va imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish zarurligini ta’kidladilar.
Tadbirda inson manfaati yo‘lidagi islohotlar samarasi yana bir karra e’tirof etildi.








