Transport vaziri Germaniyaning KfW ImpexBank vakillari bilan uchrashdi
2025-08-07 14:00:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasida transport sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar muhokama etildi. Jumladan, Yevropaning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan maxsus yo‘l texnikasini xarid qilish hamda xalqaro va mintaqaviy aeroportlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatning zamonaviy transport infratuzilmasini shakllantirish va rivojlantirishga doir qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda milliy transport strategiyasini ishlab chiqish, yuk tashish sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etish, xususan, konteynerda tashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston hududida logistika markazlarini tashkil etish va rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar transport va logistika yo‘nalishidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olishdi.


