Samarqandda zamonaviy avtovokzal foydalanishga topshirildi
2025-08-05 10:00:00 / Yangiliklar

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 12 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi. Yangi avtovokzal zamonaviy arxitektura, energiya tejamkor yechimlar va xavfsizlik standartlari asosida qurildi.
Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar va yo‘laklar, avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir.
Avtovokzal nafaqat transport markazi, balki keng ko‘lamli xizmat ko‘rsatish va savdo hududi sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan. Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil avtomobilni qabul qilishga mo‘ljallangan. Avtovokzaldan Toshkent, Jizzax viloyatlariga avtobuslar harakati amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga qatnovchi avtobuslar ham mazkur avtovokzal orqali harakatni davom ettirmoqda.
Avtovokzal ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, loyihaning amalga oshirilishi viloyatda transport xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishi, shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro qatnovlarning samaradorligini oshirishi hamda aholining vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Samarqand avtovokzali kelgusida nafaqat respublika ichida, balki xalqaro yo‘nalishlarda ham muhim transport markaziga aylanishi kutilmoqda. Bu esa Samarqand shahrining logistika, transport va sayyohlik salohiyatini yanada oshiradi.






