Transport sohasida davlat nazoratini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi
2025-07-08 14:00:00 / Yangiliklar

Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzish, kemalar va kichik hajmli kemalardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzish, xalqaro va shaharlararo tashuvlarni amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Majlisda transport oqimiga ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlarning qurilishini rejalashtirish bosqichida transport tarmog‘iga tushadigan yuklamalarni hisobga olgan holda yechimlar ishlab chiqilishi, shuningdek transport infratuzilmasini rejalashtirishda piyodalar, velosiped va individual harakatlanish vositalari, jamoat transporti va maxsus transport hamda boshqa transport vositalari uchun ustuvorlik inobatga olgan holda amalga oshirilishi qo‘mita tomonidan atroflicha o‘rganilib, mazkur normalar maromiga yetkazilganligi alohida ta’kidlandi.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi. Mas’ul qo‘mita va qonun tashabbuskorlari tomonidan berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga, tashuvlar samaradorligi va sifatini oshirishga, yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.






