XVII “Transport muammolari” konferensiyasida Yevrosiyo transport sektori bo‘yicha iqtisodiy tahlillar taqdim etildi
2025-06-30 15:00:00 / Yangiliklar
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i Dildora Ibragimova ishtirok etib, Yevrosiyo mintaqasi transport sektoriga oid iqtisodiy tahlillarni taqdim etdi.
Dildora Ibragimovaning “Yevrosiyo mintaqasi mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirishda transport xizmatlarining hissasini ekonometrik baholash” mavzusidagi ilmiy ma’ruzasi anjuman ishtirokchilari – xalqaro olimlar, ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Mazkur konferensiya har yili Sileziya Texnologiya Universiteti hamda Scopus, DOAJ, Index Copernicus va EBSCO kabi nufuzli ma’lumotlar bazalarida indeksatsiyalangan xalqaro ilmiy jurnal “Transport Problems” tashabbusi bilan tashkil etiladi. Unda transport sohasidagi dolzarb muammolar, logistika tizimlari, intellektual yechimlar, infratuzilma modernizatsiyasi hamda transport siyosatiga oid masalalar ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston vakilining mazkur konferensiyada ishtirok etishi Yevrosiyo mintaqasida transport xizmatlari rivojiga qaratilgan ilmiy asoslangan yondashuvlarni xalqaro miqyosda taqdim etish va tajriba almashishga xizmat qildi.
