"ZTO Express" O‘zbekistonda “aqlli" logistika omborlarini tashkil etish niyatida
2025-06-17 11:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda “ZTO Express” vakillari kompaniya faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi. Kompaniya logistika xizmatlari sohasida katta mavqega ega bo‘lib, yuklarni qabul qilish, saqlash, saralash hamda omborlardan yakuniy iste’molchilargacha bo‘lgan yuk yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadi. “Alibaba Group”, “JD.com”, “Pinduoduo” kabi yirik elektron tijorat operatorlari kompaniyaning asosiy mijozlari hisoblanadi.
Kompaniya prezidenti Xu Syanlyan O‘zbekistonda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikdagi loyihalarda ishtirok etishni taklif qildi:
- aeroportlar hududida omborxonalar barpo etish va jihozlash, "aqlli" logistika omborlarini tashkil etish;
- O‘zbekiston hududida asbob-uskunalarni yig‘ish va keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish uchun sanoat parklarini tashkil etish;
- bojxona rasmiylashtiruvi tizimini axborotlashtirish.
Uchrashuvda transport vaziri I.Mahkamov “ZTO Express” kompaniyasiga Navoiy viloyati hududida logistika markazlarini barpo etish, Toshkent davlat Transport universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, universitet talabalari va o‘qituvchilari uchun Xitoy logistika xizmatlari sohasidagi tajribani o‘rganishga qaratilgan o‘quv dasturlarini tashkil etish yuzasidan takliflarni bildirdi.
Tomonlar uchrashuvda muhokama etilgan masalalar bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash maqsadida Ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Transport vazirligi tomonidan bu vazifa Transport va logistika muammolarini o‘rganish markaziga yuklatildi.



