O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2025-05-14 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining topshirig‘iga muvofiq “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan tashkil etildi va unda fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining texnik direktorlari hamda parvozlar xavfsizligi bo‘yicha inspeksiya rahbarlari ishtirok etishdi.
Seminar ishida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining aviatsiya hodisalari va insidentlarini tekshirish bo‘limi vakillari ham ishtirok etdilar.
Seminar dasturi quyidagi dolzarb mavzularni qamrab oldi:
• IKAOning davlatlarda uzluksiz monitoring mexanizmi (USOAP);
• 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan IKAO auditi natijalari va amalga oshirilayotgan tuzatuv chora-tadbirlari;
• O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligining holati;
• xorijiy davlatlarda SAFA (Safety Assessment of Foreign Aircraft) dasturi doirasida amalga oshiriladigan tekshiruv amaliyoti;
• SAFA tizimi bo‘yicha milliy va xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga nisbatan o‘tkazilgan perron inspeksiyalari va ularning tahlili;
• fuqaro havo kemalari bilan bog‘liq aviatsiya hodisalari va insidentlarni tekshirish tartibi va tekshiruvni tashkil etilishi;
• aviatsiya hodisalari va insidentlari chog‘ida obyektiv nazorat vositalaridan foydalanish, aviakompaniyalar tomonidan parvoz ma’lumotlarini tahlil qilish dasturini joriy etishga oid talablar;
• aviatsiya texnikasidagi nosozliklar takrorlanishining parvozlar xavfsizligiga ta’siri.
Seminar IKAO xalqaro standartlariga muvofiq parvozlar xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va tajriba almashish uchun muhim kasbiy platforma vazifasini o‘tadi.





