Mahalliy ekspeditorlik tashkilotlari bilan hamkorlikda Maslahat kengashi tashkil etildi
2025-04-25 15:00:00 / Yangiliklar

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi PQ–78-son qarorida mahalliy ekspeditorlik tashkilotlari bilan maslahat kengashini tashkil qilgan holda ularning xalqaro tashishdagi ulushini 2025-yilda 25 foizga, 2026-yil 50 foizgacha olib chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish topshirig‘i berilgan edi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro tashishlarda mahalliy transport-ekspeditorlik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi loyihasi maslahat kengashi a’zolari ishtirokida muhokama etildi.
Mahalliy transport-ekspeditorlik tashkilotlari faoliyatini amalga oshirishda zamonaviy yondashuvlar va tizimlarni inobatga olgan holda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish mazkur loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Uchrashuvda Maslahat kengashi a’zolari transport sohasida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirish masalalari, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.







