Toshkentda O‘rta koridorni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha tahliliy hisobot taqdim etildi
2025-04-14 12:00:00 / Yangiliklar

Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon vakillaridan iborat milliy ekspertlar guruhi hamda xalqaro maslahatchilar guruhi tomonidan tayyorlangan shu mavzudagi tahliliy hisobotning asosiy natijalari muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan 2024-yilda boshlangan mazkur loyiha Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, Qirg‘iziston Respublikasi Transport va kommunikatsiya vazirligi, Tojikiston Respublikasi Transport vazirligi, Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Loyiha Shveytsariyaning PeaceNexus jamg‘armasining texnik va moliyaviy ko‘magida "Ma’no" tadqiqot tashabbuslari markazi tomonidan amalga oshirildi.
Tadqiqot Markaziy Osiyo davlatlari (Turkmanistondan tashqari) va Ozarbayjonning O‘rta yo‘lakni rivojlantirishdagi ishtirokining asosiy jihatlarini, shuningdek, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan bir qator mintaqadan tashqari davlatlarning pozitsiyalarini tahlil qilishni o‘z ichiga olgan.
Tahliliy hisobot muhokamasida bevosita uni ishlab chiquvchilar, ekspertlar, xalqaro maslahatchilar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etishdi.
O‘rta koridor va muqobil yo‘nalishlar raqobatbardoshligining iqtisodiy jihatlariga bag‘ishlangan munozara panelida moderator - Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon mutaxassislarini birlashtirgan ko‘p oylik qo‘shma tadqiqot va tahliliy ishlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Xolmatovning aytishicha, tadqiqotning asosiy maqsadi mintaqadagi har bir mamlakatning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda O‘rta koridorni rivojlantirish imkoniyatlarini xolisona baholashdan iborat bo‘lgan.
O‘zbekistonlik milliy ekspert, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i Dildora Ibragimova - o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari tahliliga e’tibor qaratdi.
Tadqiqot doirasida mintaqaning har bir mamlakati yuk oqimlarining yo‘nalish tendensiyalari baholandi, bu esa kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va imkoniyatlarini aniqlash imkonini berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra:
• Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya va Xitoy bilan yuk tashish tarkibida eng katta ulush Qozog‘iston va O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga esa bunday tashuvlarning ancha kam qismi to‘g‘ri keladi;
• Eron bilan tashqi savdo yuk tashishda Turkmaniston yetakchi o‘rinni egallaydi (umumiy hajmning qariyb 46 foizi), undan keyin Qozog‘iston va O‘zbekiston turadi;
• Janubiy Osiyo (Hindiston va Pokiston) yo‘nalishida Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston yuk tashishning asosiy ishtirokchilari hisoblanadi. Shu bilan birga, Tojikiston, ayniqsa Pokiston bilan savdo sohasida sezilarli salohiyatni namoyish etmoqda - uning ulushi taxminan 23 foizni tashkil etadi.
Milliy ekspert ta’kidlaganidek, olingan natijalar Markaziy Osiyodagi har bir mamlakatning asosiy savdo hamkorlari bilan tashqi iqtisodiy aloqalarining haqiqiy salohiyatiga asoslangan transport siyosatini shakllantirishga individual yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda.
"Ma’no" tadqiqot tashabbuslari markazi rahbari Baxtiyor Ergashev mazkur hisobot Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning O‘rta koridor hamda Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishida boshqa tranzit koridorlari bo‘yicha siyosatini ishlab chiqishda juda muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Xalqaro ekspert Umidulla Ibragimov xulosalariga ko‘ra, O‘rta koridorni takomillashtirish Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkmaniston kabi mamlakatlar uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan o‘zaro savdo qilish uchun eng qisqa va qulay yo‘l bo‘lib, ularning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa multimodal tranzit yo‘lagini rivojlantirish orqali o‘z transport xizmatlari (logistika mahsuloti) eksportini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun esa O‘rta yo‘lak Janubiy Yevropa, AQSH, Kanada va boshqa davlatlar bilan eksport-import yuk oqimlarini diversifikatsiya qilishga yordam beradigan qo‘shimcha yo‘laklardan biri hisoblanadi.
Yakuniy hisobot Rossiya ilmiy iqtiboslar indeksi (RINC) ro‘yxatiga kiritilgan "Ipak yo‘li transporti" xalqaro elektron ilmiy jurnalining maxsus sonida e’lon qilinadi.







