Navoiyda zamonaviy avtobuslar yo‘nalishlarda harakatlanishiga start berildi
2025-04-03 12:00:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Avtoshohbekatda Xitoydan keltirilgan 18 ta avtobuslarning shahar yo‘nalishlarida harakatlanishiga start berildi.
Birinchi bosqichda avtobuslar 2 ta yo‘nalishda “Navoiy” avtovokzali – viloyat Avto yo‘l boshqarmasi” va Tinchlik qo‘rg‘oni – "Malika" avtostansiyasi yo‘nalishlarida harakatlanib bir kunda 10 mingga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Ikkinchi bosqichda joriy yilning may oyiga qadar yana 42 ta avtobuslar viloyatga olib kelinib, Karmana tumani markazi va Navoiy shahrining barcha ko‘chalarida, ya’ni “Navoiy” avtovokzali – Ishchilar qo‘rg‘oni, “Navoiy” avtovokzali – viloyat Avto yo‘l boshqarmasi, “Navoiyazot" – Sharq avtostansiyasi”, Karmana avtoshohbekat - Temir yo‘l vokzali yo‘nalishlarida harakatlarni amalga oshirib, 17 mingdan ortiq yo‘lovchilarni tashish imkoniga ega bo‘ladi.
Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida viloyat markazida harakatlanayotgan avtobuslarda zamonaviy elektron to‘lov tizimni o‘rnatish va yo‘l haqi to‘lovlarini bank plastik kartalari va transport kartalari orqali 1600 so‘m miqdorida va naqd pulda 2000 so‘mda amalga oshirish yuzasidan viloyat hokimi qarori imzolandi.
Qarorda bir yo‘lovchi uchun bir soat mobaynida birinchi to‘lovni amalga oshirganda 1600 so‘m, ikkinchi to‘lovni amalga oshirganda 1000 so‘m, uchinchi va keyingi to‘lovlar bepul qilib belgilangan. Natijada shahar aholisining jamoat transportidan foydalanish darajasi o‘rtacha 19 foizdan 70 foizga yetkaziladi hamda avtobuslar oraliq intervali 25-30 daqiqadan 8-10 daqiqaga qisqartiriladi.
Shuningdek, avtobuslarning muntazam harakatlanishi, tozaligi, qish kunlari isitish tizimi yoz kunlari sovitish tizimi ishlab turishi, haydovchilarning kiyinish va muomala madaniyatini nazorat qilish uchun viloyat Transport boshqarmasida Markazlashgan dispetcherlik markazi tashkil qilindi.









