Gender tenglikni ta’minlash va barqaror rivojlanish
2025-03-18 14:00:00 / Yangiliklar

Seminarda transport vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airports” AJ, “Uzbekistan airways” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJning xotin-qizlar va gender masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Seminar ochilishida Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim mamlakatimizda barqaror transport tizimini rivojlantirish va bu jarayonda gender eksklyuzivlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Bu borada Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida amalga oshirilayotgan «Toshkent-kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish» loyihasi ishtirokchilari tomonidan elektrobuslarni boshqarishga ayollarni jalb etish kabi dolzarb taklif ishlab chiqildi va Transport vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida ayollarga yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini va yo‘lovchilarning soni 14 kishidan ortiq avtobuslarni boshqarish huquqi berildi.
Transport vazirligi Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raisi Umida Haydarova xotin-qizlarning mamlakatimiz transport sohasidagi muvaffaqiyatli faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
- Bugungi kunda transport sohasida ayollarimiz nafaqat avtobus haydamoqda, balki poyezd va samolyotlarni ham boshqarib kelishmoqda. Xususan, "Afrosiyob" tezyurar poyezdlarida 10 nafar yordamchi mashinistlar va Airbus A 320 rusumli samolyot bortlarida 4 nafar ayol pilotlar ishlab kelmoqda. Qolaversa, kun sayin transport sohasiga qizlarning qiziqishi tobora ortmoqda. Masalan, 2023-2024 o‘quv yilida Transport universitetiga 836 nafar qizlarimiz o‘qishga kirgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida 400 nafarga ko‘proq, aynan 1211 nafar qizlarimiz tahsil olmoqda, - dedi U.Xaydarova.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingan. Ushbu hujjatda 2030-yilgacha barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha darajalarda ayollar to‘liq va samarali ishtirok etishi va yetakchilik qilishi uchun teng imkoniyat yaratiladi.
Seminarda gender tenglik va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha davlat siyosati va dasturlarining natijalari va ta’sirini kuchaytirish, mamlakat transport sohasi tashkilot va korxonalarida gender tamoyillarini targ‘ib qilish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, OTB gender konsultanti Dildora Tadjibayeva rahbarligida “Elektromobillik uchun gender masalalariga oid harakatlar rejasini ishlab chiqish” mavzusida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.





