MILLIY TASHUVCHILAR DIQQATIGA
2025-03-03 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Yevropa Ittifoqining bojxona tartib-qoidalaridagi muhim o‘zgarishlar haqida Yevropa komissiyasining Doimiy kotibiyatidan rasmiy xabar oldi.
2025-yil 1-apreldan boshlab temir yo‘l va avtomobil transporti orqali YeIga tranzit yoki eksport qilinadigan barcha tovarlarga taalluqli bo‘lgan Import nazorati tizimi 2 (ICS2) joriy etiladi. Ushbu o‘zgarishlar tovarlar bojxona punktlariga yetib kelmasidan oldin ularning xavfsizligi va himoyasini ta’minlash maqsadida bojxona nazorati tizimini joriy etish bilan bog‘liq.
ICS2 nima va uning ahamiyati nimada?
Import nazorat tizimi 2 (ICS2) - Yevropa Ittifoqining yangi tizimi bo‘lib, u tovarlar yetib kelishidan oldin xavfsizlik va himoyani ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Bu tizim oldingi ICS1 tizimining o‘rnini egallaydi.
Bojxona deklarantlari ICS2 tizimi talablariga rioya etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular import bojxona deklaratsiyasiga (ENS) oid ma’lumotlar talablarini sinchiklab o‘rganishlari, tashuvchilar uchun hujjatlarni o‘z vaqtida va aniq rasmiylashtirilishini ta’minlashlari kerak.
Yangi tizim tashuvchilardan, tovarlar YeI chegaralariga yetib kelishidan oldin, deklarantlar orqali elektron import bojxona deklaratsiyasini (ENS) taqdim etishni talab qiladi. ENS jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqidagi ma’lumotlar, tovarlar tavsifi, yo‘nalish va transport turi, shuningdek, majburiy xavfsizlik ma’lumotlari kabi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi shart.
Joriy etish sanasi 2025-yil 1-apreldan boshlanib, tizim temir yo‘l va avtomobil transportiga tatbiq etiladi. Unga rioya qilmaslik mahsulotlarning YeI hududiga kirishida kechikishlarga, jarimalarga yoki rad etilishiga olib kelishi mumkin.
ICS2 ga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
2025-yil 1-aprelgacha bo‘lgan talablarga muvofiq bo‘lish uchun bojxona deklarantlari quyidagi faol choralarni ko‘rishlari lozim:
• ICS2 uchun zarur bo‘lgan ENS ma’lumotlar elementlarini o‘rganib chiqish va Yevropa Komissiyasining rasmiy yo‘riqnomalari bilan tanishib chiqish.
• Zarur hollarda axborot texnologiyalari tizimlarini yangilash yoki ishlab chiqish orqali ENS ma’lumotlarini ICS2 ga elektron tarzda taqdim etish imkoniyatini ta’minlash.
• Xodimlarni ICS2 tartib-qoidalari va muddatlari bo‘yicha o‘qitish, bunda ma’lumotlarni yig‘ish va talablarga muvofiqlikni ta’minlash jarayonlariga alohida e’tibor qaratish.
• Mijozlardan yetkazib berish haqidagi to‘liq ma’lumotni oldindan olishni ta’minlash uchun shartnomalarni yangilab, ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish tartibini belgilash.
• Agar tomon YeIda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, iqtisodiy operatorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va identifikatsiyalash raqamidan (EORI) foydalanish va zarurat tug‘ilganda, YEI hamkorlardan tafsilotlarni aniqlashtirish.
YeI Bojxona direktorati manfaatdor operatorlar uchun ICS2 tizimi bo‘yicha vebinar o‘tkazadi. Vebinar 2025-yil 12-mart kuni Boku vaqti bilan soat 13:00 da (GMT+4) bo‘lib o‘tadi.
Tadbirga ulanish havolasi:
https://us06web.zoom.us/j/81268089711?pwd=P0LvdTbQgB0cwBIe8ysOEAaT71H5ol.1
Konferensiya identifikatori: 812 6808 9711
Kirish kodi: 180530
Yordam olish uchun Yevropa Komissiyasining Soliq va Bojxona Ittifoqi Bo‘yicha Bosh Direktoratiga TAXUD-ICS2-PROJECT-TEAM@ec.europa.eu manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin. ICS2 tizimi haqida batafsil ma’lumotni Yevropa Komissiyasining https://ec.europa.eu/ICS2 veb-sahifasidan topishingiz mumkin.
Transport vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan uzluksiz savdo aloqalarini davom ettirish uchun tayyorgarlik ko‘rish va belgilangan talablarga rioya qilishning muhimligini alohida ta’kidlaydi.