SHHTga a’zo davlatlar transport vazirlarining 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-04-23 15:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, sohada zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish, barqaror va samarali transport yo‘laklarni rivojlantirish, shuningdek, idoralararo muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov bugungi kunda global logistika tizimi chuqur transformatsiya bosqichida ekanini, an’anaviy marshrutlar qayta ko‘rib chiqilayotganini va Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston mamlakatni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi samarali quruqlik ko‘prigiga aylantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani amalga oshirayotganini qayd etdi.
Vazir SHHT doirasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika zanjirlarini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini bildirdi. Ayniqsa, xalqaro multimodal yuk tashishlarni boshqarishga qaratilgan yagona raqamli platforma yaratish tashabbusining strategik ahamiyatini alohida qayd etdi.
Shuningdek, I. Maxkamov o‘z nutqida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasiga alohida to‘xtalib, uni nafaqat uch davlat uchun, balki butun SHHT makonida transport tarmog‘ini rivojlantiruvchi muhim arteriya sifatida baholadi. Ushbu magistral Sharqiy Osiyodan Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Raqamlashtirish sohasida esa vazir “E-Permit” tizimi joriy etilishi, elektron hujjat aylanmasi va yagona raqamli makon yaratish tashabbuslari transport jarayonlarini tezlashtirish, chegaralardagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda biznes xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari transport sohasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, samarali va barqaror transport koridorlarini rivojlantirish hamda zamonaviy raqamli yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Yig‘ilish yakunida majlis bayonnomasi, SHHTga a’zo davlatlarning transport idoralari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlariga ruxsatnomalarni raqamlashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi (manfaatdor tomonlar shaklida) imzolandi, shuningdek, yangi ixtisoslashtirilgan mexanizm – Transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruhini tuzish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.



