Bishkekda xalqaro transport forumi bo‘lib o‘tmoqda
2026-04-23 14:00:00 / Yangiliklar

Forum davomida transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika zanjirlarini mustahkamlash va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va xalqaro yuk tashish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov ishtirok etib, ochilish marosimida nutq so‘zladi. O‘z nutqida Ilhom Mahkamov Markaziy Osiyo bugungi kunda yana bir bor global transport va savdo yo‘llarining muhim tutash nuqtasiga aylanayotganini ta’kidlab, ushbu jarayonda Qirg‘iziston O‘zbekiston uchun nafaqat yaqin qo‘shni, balki strategik hamkor ekanini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, u zamonaviy transport tizimi faqat infratuzilma emas, balki raqamli va intellektual muhit ekanini ta’kidlab, to‘siqsiz transport makonini yaratish ustuvor vazifa ekanini bildirdi. Shu nuqtayi nazardan transport sohasida raqamlashtirishga alohida urg‘u berilib, “e-permit” va “e-CMR” kabi elektron tizimlarni joriy etish orqali chegaralardagi to‘siqlarni bartaraf etish, yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish va shaffoflikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir transport sohasida multimodal yondashuvni rivojlantirish, “yashil” koridorlarni shakllantirish, zamonaviy logistika markazlarini tashkil etish va raqamli texnologiyalar orqali barcha jarayonlarni shaffof va samarali qilish zarurligini alohida qayd etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mintaqada transport o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlash, samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish va raqamli yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
