Toshkentda IATA vakolatxonasi ochildi
2026-04-21 14:00:00 / Yangiliklar

IATA aviatsiya sohasining davlat organlari, regulyatorlar va mahalliy bozor ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynaydigan mintaqaviy va vakolatxona ofislari global tarmog‘ini rivojlantirishda davom etmoqda. Ushbu ofisning ochilishi IATA va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasidir.
Vakolatxona rasmiy ochilish marosimida IATAning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvarsman, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Rizvon Siddiqiy, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyati vakillari, aeroportlar va aviakompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda IATAning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvarsman ushbu ofisning ochilishi assotsiatsiya ekspertlarining aviakompaniyalar va aeroportlar uchun yanada ochiq bo‘lishini ta’minlab, global standartlarning joriy etilishiga ko‘maklashishini ta’kidladi. Shu bilan birga, tashkilot joriy yil oxirigacha mamlakatda BSP tizimini (Billing and Settlement Plan — BSP) joriy etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bu aviatsiya sohasidagi moliyaviy hisob-kitoblarni raqamlashtirishda muhim qadam bo‘ladi.
Uning ta’kidlashicha, IATAning mamlakatdagi ishtiroki va BSP tizimining joriy etilishi parvozlar xavfsizligi hamda operatsion samaradorlikni oshirish orqali soha rivojini kuchaytiradi.
Tadbirda transport vaziri Ilhom Mahkamov shaxsan davlat rahbarining e’tibori tufayli mamlakatimizda aviatsiya sohasi yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotgani ta’kidlab, O‘zbekiston aviatsiya bozorini liberallashtirish va milliy aviakompaniyalarni rivojlantirish yo‘nalishidagi islohotlar izchil davom ettirilishi hamda bu jarayonda xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik muhim ahamiyat ega ekanligini qayd etib o‘tdi.
IATA ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy va mintaqaviy ofislar aviakompaniyalar manfaatlarini himoya qilish, sohaviy hamkorlikni ta’minlash hamda muayyan mamlakatlar va mintaqalarda aviatsiya tizimlari samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etiladi. Tarmoq dunyoning 52 mamlakatidagi 57 ta ofisni o‘z ichiga oladi.
Bunday vakolatxonalar faoliyatining asosiy yo‘nalishi milliy regulyatorlar va aviatsiya ma’muriyatlari bilan hamkorlik qilishdan iborat. IATA ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va aviatashuvchilar uchun yanada bashorat qilinadigan muhitni ta’minlash maqsadida soliq siyosati, aeroport yig‘imlari va tartibga solish me’yorlari muhokamasida ishtirok etadi.
Assotsiatsiya O‘zbekistonni o‘zining geografik joylashuvi tufayli kelajakdagi mintaqaviy aviatsiya markazi (xabi) sifatida ko‘rmoqda. IATA bashoratlariga ko‘ra, 2024–2050-yillar oralig‘ida mamlakatda yo‘lovchi-kilometr ko‘rsatkichi o‘rtacha 3,3 foizga o‘sadi va bu jahon ko‘rsatkichidan yuqoridir.
Sohani rivojlantirishning asosiy shartlari sifatida xalqaro standartlarga muvofiqlik, jumladan, IOSA ekspluatatsion xavfsizlik auditi dasturini joriy etish, Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlaridagi aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, aviakompaniyalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda uning iqtisodiy samaradorligini ta’minlash kabi vazifalar belgilangan.






