Yosh transportchilar harbiylar hayoti bilan tanishdi
2026-04-09 16:00:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan, 2026-yil 9-aprel kuni Transport vazirligi huzuridagi Toshkent davlat transport universiteti talabalari, Toshkent davlat transport universiteti akademik litseyi hamda Transport texnikumi o‘quvchilaridan iborat jami 40 nafar yoshlarning Mudofaa vazirligi huzuridagi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar institutiga tashrifi tashkil etildi.
Yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, ona Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida «Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!» shiori ostida tashkil etilgan tadbirda yoshlar harbiy xizmat va harbiy hayotning turli jabhalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ishtirokchilarga harbiy bilim yurtidagi sharoitlar, o‘quv jarayoni, zamonaviy texnika va jihozlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, harbiylar o‘z tajriba va bilimlarini o‘quvchi yoshlarga yetkazib, ularga vatanparvarlik, intizom va mas’uliyat ruhini singdirishning ahamiyatini tushuntirdi. Shu kuni yoshlar nafaqat harbiy bilim yurtini ko‘rib chiqish, balki turli harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ishtirok etish, zamonaviy texnik vositalarni ko‘zdan kechirish va harbiy hayotning amaliy jihatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tizimda harbiylarning o‘quv-taktik salohiyatlarini muntazam oshirib borish, nazariy bilimlarni amaliyotda yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Raqamli poligon”, “Harbiy tizimda sun’iy intellekt va axborot texnologiyalaridan foydalanish”, “Dronlar va minalardan foydalanish”, “Havo va quruqlikdagi hujumlarga qarshi harbiy texnikalardan foydalanish” o‘quv-xonalari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, harbiy qism rahbariyati va kursantlar bilan muloqot o‘tkazilib, askar va kursantlarning kundalik hayoti bilan yaqindan tanishtirildi. Tadbirda Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik A.Shirinov, Transport vazirligi bo‘lim boshliqlari N.Komilov va O.Mo‘ydinov hamda vazirlik yoshlar yetakchisi B.Sindorovlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuv noodatiy shaklda harbiy qism shon-sharaf byusti oldida, ochiq havoda o‘tkazildi. Uchrashuvda transport va harbiy sohalar bir-biri bilan uzviy aloqadorligi hamda ajralmas qism ekanligi ta’kidlanib, zamonaviy harbiylarning ma’naviy va ma’rifiy qiyofasini shakllantirishda yoshlar bilan bu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv so‘nggida o‘qishda va ijtimoiy hayotda bilimi, ko‘nikmasi va xulq-atvori bilan alohida ajralib turuvchi va tengdoshlariga o‘rnak bo‘luvchi 6 nafar yoshlarga kitoblar jamlanmasini taqdim etildi.








