Koreya elchisi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdining texnik sinovlarida ishtirok etdi
2026-04-03 13:00:00 / Yangiliklar

Hyundai Rotem kompaniyasining taklifiga binoan, texnik sinovlarda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon, Koreya Eksport-import bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kan Sandjin, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi vakillari, Hyundai Rotem kompaniyasi mutaxassislari, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov ishtirok etdilar.
Sinovlar davomida ishtirokchilar poyezdning texnik ko‘rsatkichlari, xavfsizlik darajasi hamda yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklarni yuqori baholadilar.
Shu bilan birga, tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, xususan Hyundai Rotem kompaniyasi vakillari bilan Respublikamizning tog‘li hududlarida tezyurar yo‘lovchi poyezdlari harakatini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, temir yo‘l infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Koreya eksport-import eksim banki vakili tomonidan kelgusida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun Koreya Respublikasi kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligi ma’lum qilindi.




