OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi
2026-03-31 15:00:00 / Yangiliklar

Media tadbir dastlab viloyat transport boshqarmasi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Boshqarma boshlig‘i Bahodir Bekxo‘jayev tomonidan sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, 2024–2025-yillar mobaynida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida viloyatga jami 96 ta, jumladan, “Ekspress Dolina” MCHJ tomonidan 36 ta “Yutong” hamda “Turon-95 MBI” MCHJ tomonidan 60 ta “Zhongtong” rusumli avtobuslar olib kelingan.
Ayni paytda ushbu transport vositalari viloyat markazida 9 ta yo‘nalishda brutto shartnomasi asosida harakatlanmoqda. Ushbu avtobuslardan 2026-yilda yana 140 ta olib kelinishi va yo‘nalishlar sonini 18 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Press-turning keyingi manzili Namangan viloyati transport boshqarmasi huzuridagi Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi bo‘ldi.
U yerda ishtirokchilarga jamoat transporti harakatini onlayn kuzatish, yo‘nalishlarni samarali boshqarish va nazorat qilish tizimlari namoyish etildi.
Shundan so‘ng, jurnalistlar “Turon-95 MBI” MCHJ faoliyati bilan tanishib, avtobuslarni ekspluatatsiya qilish jarayonlarini bevosita kuzatdilar.
Mazkur yangilanishlar viloyatda jamoat transporti tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. Press-tur ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan tegishli javoblar oldilar.







