MRO Central Asia 2026 — O‘zbekistonning mintaqaviy aviatsiya markazi sifatidagi o‘rni mustahkamlanmoqda
2026-03-30 16:00:00 / Yangiliklar

Konferensiyada 600 dan ortiq soha mutaxassislari, 50 dan ziyod kompaniyalar hamda 15 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar mintaqaga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining havo transporti boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Nazarov ochib berdi. O‘z nutqida u aviatsiya sohasining jadal rivojlanishi sharoitida parvozlar xavfsizligini ta’minlash, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda xalqaro standartlarga moslashuv masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan sessiyalarda MRO sohasining strategik ahamiyati keng muhokama qilindi. Jumladan, aviatsiya xavfsizligi, texnik xizmatni samarali rejalashtirish, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va IoT texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda MRO sohasi nafaqat texnik xizmat ko‘rsatish, balki aviakompaniyalar faoliyatining muhim strategik tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda aviatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida 2030-yilgacha yo‘lovchi oqimini sezilarli darajada oshirish, havo kemalari parkini kengaytirish hamda zamonaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha Airbus, Lufthansa Technik, Turkish Technic kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi kelishuvlarga erishish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasining mintaqaviy aviatsiya markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda transport infratuzilmasini izchil takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






