Janubiy Koreyaning Chedju shahrida 13-chi xalqaro elektr mobillik Forumi bo‘lib o‘tmoqda
2026-03-25 16:00:00 / Yangiliklar

Bugun forum doirasida tashkil etilgan “Raqamlashtirish transformatsiyasi davrida elektr mobillik kelajagi va yashil transportga o‘tish jarayonida sun’iy intellektni qo‘llash” plenar sessiyasi ishida Ilxomjon Abdugafarov spiker sifatida ishtirok etdi.
Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida mamlakatimiz transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan jamoat transportini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va ekologik toza transport turlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, transport sohasida raqamli platformalarni joriy etish, xizmatlarni onlayn ko‘rinishga o‘tkazish, tashuvchilar faoliyatini monitoring qilish va nazorat qilish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot taqdim etildi.
Shu bilan birga, elektr transport vositalarini joriy etish, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirish, yashil transportga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha milliy strategiya va rejalar haqida ham ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
Joriy yilning 27-mart kuniga qadar davom etadigan forum ishida Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya, Bruney, Filippin, Nepal, Shri-Lanka kabi 30 dan ortiq davlatlarning transport, qurilish va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishmoqda.
“Osiyo mintaqasida elektr transport, yashil energetika va kelajak mobillik texnologiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur tadbir elektron mobillik sohasida global hamkorlikni rivojlantirish, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni namoyish etish, investitsiya va B2B aloqalarni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
