“Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun ijrosi yuzasidan axborot berildi
2026-03-13 10:00:00 / Yangiliklar

Mazkur eshituv oldidan deputatlar qonun talablari amalda qay darajada bajarilayotganini o‘rganish maqsadida temir yo‘l tizimidagi qator korxonalar faoliyati bilan joylarda tanishgan edi.
Xususan, “Temiryo‘lkargo” va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyatlarida yuk tashish hamda logistika xizmatlarini tashkil etish jarayonlari, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning “Yo‘lovchi vagonlarini texnik va texnologik tayyorlash, ta’mirlash” filialida poyezdlarni reysga tayyorlash va vagonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari ko‘zdan kechirilgandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ushbu qonun ijrosini ta’minlash maqsadida 21 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va harakat tarkibini yangilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda yuk va yo‘lovchi tashish hajmlarida ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, temir yo‘l orqali 105,8 mln. tonna yuk va 10,5 mln. nafar yo‘lovchi tashilgan. Xizmatlar hajmi 14,8 trln. so‘mga yetgani ham sohada iqtisodiy faollik ortganini ko‘rsatadi.
Taqdim etilgan axborotga ko‘ra, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi tegishli Farmonida temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, shaharlarni zamonaviy tezyurar poyezdlar bilan bog‘lash maqsadida 500 kilometr yangi temir yo‘l qurilishini boshlash, transport tarmog‘ini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan bir qator yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Temir yo‘l vokzallarida 55 ta infokiosk o‘rnatilib, elektron chipta sotish tizimi kengaytirilgani natijasida elektron chiptalar orqali sotuvlar ulushi 86 foizga yetgan.
Muhokamalar davomida sohada yechimini kutayotgan qator masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ayrim temir yo‘l vokzallari va poyezdlarda servis xizmatlari darajasi, axborot taqdim etish tizimi hamda raqamli xizmatlar qamrovi hali ham talab darajasiga to‘liq javob bermayotgani deputatlar tomonidan qayd etildi.
Shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish, xizmatlar bozorida raqobat muhitini kuchaytirish, xususiy sektor va investitsiyalarni keng jalb etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va qulayliklarni oshirish yuzasidan masalalar ko‘tarildi.
Deputatlar tomonidan temir yo‘l transporti sohasida qonun ijrosini ta’minlash, xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida ushbu masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.




