Senat qo‘mitasi majlisida bola huquqlari, avtomobil yo‘llari va qo‘riqlash faoliyati masalalari muhokama qilindi
2026-03-05 14:00:00 / Yangiliklar

Unda senatorlar, Qo‘mita huzuridagi Ekspert guruhi aʼzolari, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbar xodimlari, oliy taʼlim muassasalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Bola huquqlari bo‘yicha vakilining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi ko‘rib chiqildi.
2025-yilda Bolalar ombudsmani nomiga kelib tushgan murojaatlar soni sezilarli oshgan bo‘lib, ularning 509 tasi (26,3%) ijobiy hal etilgan, 708 tasi (36,6%) bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, 573 tasi (29,6%) tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.
Senatorlar Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, nazorat va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, majlisda Senat ko‘rib chiqishi uchun kelib tushgan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Tahlil natijalari ko‘rsatishicha, amalda bo‘lgan Qonun qariyb 20 yil avval qabul qilinganligi sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Yangi Qonun avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, transport sohasida axborot tizimlarini integratsiyalash, tirbandlikni kamaytirish va investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalarni tartibga soladi.
Shu bilan birga, “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Muvofiqlik, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini zamonaviylashtirish mazkur Qonunning asosiy maqsadi ekani taʼkidlandi. Senatorlar qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirish, profilaktika choralarini kuchaytirish va vakolatlarni aniqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.








