Latviya Respublikasi Transport vaziri bilan muzokaralar o‘tkazildi
2026-03-04 16:00:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston – Latviya transport va logistika sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashdilar hamda amaliy sheriklikni kengaytirish istiqbollarini belgilab oldilar.
Aviatsiya sohasida yo‘lovchi va yuk aviaqatnovlarini rivojlantirish, jumladan elektron tijorat (e-commerce) segmentini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, RIX Academy bilan aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishida kompleks hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Temir yo‘l sohasida yuk tashish hajmlarini oshirish, logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish, harakat tarkibini modernizatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Avtomobil transporti yo‘nalishida uzoq muddatli barqaror sheriklikni shakllantirish, o‘zaro yuk oqimini ko‘paytirish, Latviya portlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zbek transport operatorlarining Yevropa bozorida raqobatbardoshligini oshirish choralari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni izchil chuqurlashtirish va mustahkamlash har ikki taraf uchun ham manfaatli ekanligini tasdiqladilar.


