Transport universiteti Koreyaning Ajou universiteti bilan ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantiradi
2026-02-06 16:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda temir yo‘l transporti sohasida axborot texnologiyalariga asoslangan ta’limni rivojlantirish, o‘quv jarayoniga simulyatsiya va trening tizimlarini tatbiq etish, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yechimlaridan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar transport muhandisligi va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida ilg‘or tajribani joriy etish, amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlashni hamkorlikning ustuvor vazifalari sifatida belgiladilar. Mazkur tashabbuslar ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va talabalarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat transport universiteti hamda Ajou universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi.

