Parvozlar xavfsizligini ta’minlash dolzarb masala
2026-02-05 15:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda vazirlikning Havo transporti boshqarmasi, Aviatsiya hodisalari va insidentlarni tekshirish bo‘limi, “O‘zaviatsiya” agentligi, “O‘zaeronavigatsiya” markazi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha rezident aviakompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.
Unda aviatsiya hodisalari va insidentlari, ularning kelib chiqish sabablari va ushbu jarayonda inson omili bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Xususan, aviakompaniyalar tomonidan parvozlar xavfsizligiga, ICAO talablariga hamda “O‘zaviatsiya” Agentligining ko‘rsatmalariga rioya qilinishi bilan bog‘liq holatlar tanqidiy nuqtayi nazardan ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda parvozlar xavfsizligini ta’minlashda qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir aviakompaniya rahbari faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga parvozlar xavfsizligini ta’minlashni kuchaytirish, sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, aviatsiya xodimlari malakasini oshirish, texnik xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.








