2030-YILGA QADAR TRANSPORT-LOGISTIKA, ENЕRGIYA VA TURIZM SOHALARIDAGI MAQSADLAR OCHIQLANDI
2026-01-16 12:00:00 / Matbuot anjumanlari

Ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar qatnashgan tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov, Transport vazirligi, Energetika vazirligi va Turizm qo‘mitasi vakillari so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining amaldagi va takomillashtirilayotgan loyihasidagi farqlar, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha belgilanayotgan maqsadli ko‘rsatkichlar hamda jamoatchilik muhokamasi jarayonida kelib tushayotgan takliflarni qisqacha tahlil qildi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov takomillashayotgan Strategiya loyihasida O‘zbekistonning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish hamda milliy transport tizimi salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidlab, transport xizmatlari hajmini 301 trillion so‘mgacha oshirish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 250 trillion so‘mga yetkazish, aviaqatnovlar sonini 200 mingtaga chiqarish, jumladan respublika hududlari o‘rtasidagi reyslar sonini 41 mingtaga yetkazish vazifalari belgilanganini qayd etdi.
Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilov yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2030-yilga qadar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosini tashkil etuvchi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadlari haqida so‘z yuritdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 ming MVtga yetkazish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmini 120 milliard kVt·soatgacha oshirish vazifalari belgilangan.
Matbuot anjumanida Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Oybek Xakimov O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish, shu orqali sayyohlar sonini oshirishga qaratilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlaganidek, Strategiyada 2030-yilga borib xorijiy turistlar yillik sonini 20 million nafargacha yetkazish, turizm xizmatlari eksport hajmini 6 milliard dollarga chiqarish hamda hududlarda 4 mingta yangi mehmonxona, mehmon uyi va xostellarni tashkil etish vazifalari belgilangan bo‘lib, bu boradagi ishlarni izchil amalga oshirishda qo‘mita tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.
Matbuot anjumani qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Mas’ullar jurnalistlarning savollariga mamlakatimizning 2030-yilga qadar rivojlanishida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha belgilanayotgan chora-tadbirlardan kelib chiqib, batafsil javob qaytardi.
16-yanvar 2026-yil. "Taraqqiyot Strategiyasi" markazi.





