Toshkentda Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi bo‘lib o‘tdi
2025-12-01 10:00:00 / Yangiliklar

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash va barqaror transport yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov, Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela, Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos va boshqalar Transkaspiy transport yo‘lagi bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik infratuzilma tashabbuslaridan biriga aylangani alohida ta’kidladi.
Ushbu yo‘lak O‘zbekistonning tranzit-logistika salohiyatini oshirish, mamlakatni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim xalqaro transport markaziga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarida asosiy o‘rin tutadi.
Aytish joizki, mazkur forum o‘tgan yil yanvar oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligi bo‘yicha birinchi Investorlar forumida boshlangan umumiy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi. Uning maqsadi Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish doirasida yirik investitsiya tashabbuslarini ilgari surishni jadallashtirish va aniq shartnomalar tuzish uchun shart-sharoitlarni shakllantirishdan iborat.
Forumda mutaxassislar ta’kidlaganidek, Transkaspiy yo‘lagi Yevropa Ittifoqining mintaqadagi “Global Gateway” investitsiya strategiyasining asosiy tashabbusi hisoblanadi. Bugungi kunda Transkaspiy yo‘lagi Xitoy, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Yevropa bilan bog‘laydigan asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida shakllanyapti. 2030-yilga borib "O‘rta yo‘lak" orqali tashiladigan yuklar hajmi yillik 10-11 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri ham mamlakatning tranzit-logistika salohiyatini keskin oshirishdan iborat.
– O‘zbekistonning asosiy maqsadi tranzit markaziga aylanib, yuk tashish xarajatlarini qisqartirish, Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarida kuchli logistik “xab” sifatida faoliyat yuritishdan iborat. Qo‘shni mamlakatlar bilan uzviy integratsiya va ular uchun yagona, barqaror transport makonini yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik doirasida infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Infratuzilmaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha bir nechta kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, Kaspiy dengizi orqali transport infratuzilmasini takomillashtirish borasida yevropalik hamkorlardan amaliy ko‘mak olinmoqda. Ushbu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar va qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Qisqacha aytganda, O‘zbekistonning strategik maqsadi cheklovlarsiz, samarali va yaxlit yagona transport makonini yaratishdir, – dedi I.Mahkamov.
Forumda tomonlar hamkorligiga alohida urg‘u berildi. Unda aytib o‘tilgani kabi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Ta’kidlash joizki, 2024-yilda O‘zbekistonning Transkaspiy yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi barqaror o‘sishni namoyish etgan holda bir million tonnadan oshdi. Bu 2019-yildagi ko‘rsatkichdan besh barobar ko‘pdir.
Tadbir doirasida transport va logistika bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani uyg‘unlashtirish, infratuzilmaga investitsiyalar va savdo yo‘laklarini raqamlashtirish yuzasidan tematik sessiyalar o‘tkazildi.
Forum doirasida Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasi transport vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida Forum ishtirokchilari Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish doirasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini qayd etdilar.








