Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
2025-11-17 11:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ilxomjon Abdugafarov hamda Hisob palatasi mas’uli Dilshodjon Nig‘matov, shuningdek, vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.
Unda sohaga ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi, byudjet mablag‘lari ijrosini monitoring qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlandiki, 2024-yilning 16-yanvar kuni Prezident tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya hamda Transport vazirliklari tomonidan qo‘shma qaror tasdiqlangan. Mazkur hujjat asosida sohaga ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi nazorat qilib borilmoqda.
Vazirlikda byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan masofaviy tarzda monitoring va nazoratni olib borish bo‘yicha “Situatsion markaz” tashkil etilgan. Mazkur markazda masofaviy audit tizimi orqali xarajatlar smetasi doirasida amalga oshiriladigan ishlarning doimiy nazoratini ta’minlash uchun ishchi guruhi tasdiqlangan.
Shuningdek, Hisob palatasining “Masofaviy audit”, “Davlat auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining ”UzASBO 2” axborot tizimi hamda vazirliklar uchun “Monitoring Portal” maxsus axborot tizimi ishlab chiqilganligi bois vazirlik tizim tashkilotlardagi barcha moliyaviy operatsiyalarni kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Tadbir davomida vazirlik va uning tizim tashkilotlariga respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar asosida 2025-yil uchun tuzilgan xarajatlar smetasining yanvar–oktyabr oylaridagi ijrosi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, vazirlikning Ichki audit xizmati bilan hamkorlikda 2025-yilning o‘tgan 10 oyligida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yil yakuniga qadar bajarilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.






