Arxeologiya sohasi bosqichma-bosqich tartibga solinmoqda
2025-10-22 18:05:00 / Yangiliklar

2025-yil 20-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 659-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Shu vaqtgacha arxeologiya sohasini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlarning to‘liq ishlab chiqilmagani sababli, bir qator amaliy jarayonlarda noaniqlik va tushunmovchiliklar kuzatilayotgan edi. Jumladan, arxeologik ashyolarni davlat katalogida ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni davlatga topshirish, fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirish, shuningdek, xalqaro arxeologik tadqiqotlarni tashkil etish va konservatsiya jarayonlarini amalga oshirishda yagona me’yoriy tartib mavjud emas edi. Yangi qaror bilan ushbu yo‘nalishlarda aniq tartib va shartlar belgilab berildi.
Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Badiiy akademiyalari tomonidab muhokamadan o‘tkazilgan. Shuningdek, mazkur qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan.
Mazkur qaror arxeologiya merosi obyektlarini saqlash, o‘rganish va ulardan oqilona foydalanishni yanada tizimli asosda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
