#rasmiy_munosabat
2025-09-19 14:20:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining birida “Tuproqqa evrilayotgan tarix — Qashqadaryodagi ko‘plab yodgorliklarni yo‘qolib ketish xavfi kutmoqda” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola chop etildi. Madaniy meros agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan maqola yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
“Yerqo‘rg‘on” arxeologiya yodgorligi
Maqolada aytilgan “Yerqo‘rg‘on” arxeologiya obyektini 3D panjaralar bilan o‘rab chiqish va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli loyiha hujjatlari ishlab chiqildi. Hozirda mazkur obyektga oid loyiha hujjatlari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etish jarayoni olib borilmoqda. Obyektda ta’mirlash-tiklash ishlari loyiha tasdiqlangach boshlanadi.
“Haramjo‘y” masjidi
Qarshi shahrining Haramjo‘y mahallasida joylashgan “Haramjo‘y” masjidi arxitektura yodgorligida 2022–2024-yillar davomida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilib, hozirda restavratsiya jarayonlari to‘liq yakunlangan.
“Xo‘ja Shamsiddin Halvoniy” maqbarasi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan XVIII asrga oid “Xo‘ja Shamsiddin Xolvoniy” maqbarasini qayta tiklash uchun 2019-yilda davlat budjetidan 450 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, restavratsiya ishlari to‘liq amalga oshirilgan.
“Namozgoh” masjidi
Viloyatning Kasbi tumanida XIV asrda bunyod etilgan arxitektura yodgorligi hisoblangan “Namozgoh” masjidida 2023-yilda boshlangan ta’mirlash-tiklash ishlari deyarli tugallangan bo‘lib, hozirda faqat masjidning janubiy devorini mustahkamlash maqsadida kontrofors o‘rnatish bo‘yicha zarur amaliy ishlar olib borilmoqda.
“Sharafboy” madrasasi va “Kulol” masjidi
Shuningdek, maqolada “Sharifboy” nomi bilan e’lon qilingan yodgorlik aslida XV asrga oid Qarshi shahrida joylashgan “Sharafboy” madrasasi hisoblanadi. “Sharafboy” madrasasi va “Kulol” masjidida 2023-yilda ta’mirlash-tiklash ishlari boshlangan bo‘lib, hozirgi vaqtda restavratsiya ishlari 95 foizga bajarilgan. 2025-yilning oxirigacha obyektda olib borilayotgan qayta tiklash ishlari to‘liq yakunlanadi.
“Pazdaviylar” ziyoratgohi
Mirishkor tumanida joylashgan “Pazdaviylar” ziyoratgohida 2022-yilda homiylar ko‘magida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilgan bo‘lib, bugungi kunda to‘liq obodonlashtirilgan. Ushbu ziyoratgoh Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan tasdiqlangan milliy ro‘yxatda qayd etilmagan. Madaniy meros agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan mazkur obyektni milliy ro‘yxatga kiritish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
“Xo‘ja Ne’matulloh” ziyoratgohi
Xususan, Kitob tumanida joylashgan “Xo‘ja Ne’matulloh” ziyoratgohida mahalliy homiylar ko‘magida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, ziyoratgohga boruvchi ko‘prik qayta ta’mirlandi, qabriston to‘liq obodonlashtirildi.
Shuningdek, maqolada nomi zikr etilgan “Yetti tug‘ ota” ziyoratgohi va “Zanjir saroyi” kelgusida restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari dasturiga kiritilishini ma’lum qilamiz.
Yuqorida biz keltirgan fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, maqolada ko‘tarilgan obyektlarda juda keng miqyosli xayrli ishlar amalga oshirilgan. Fursatdan foydalanib, Madaniy meros agentligi ommaviy axborot vositalari va blogerlarni e’lon qilinayotgan postlar yoki maqolalarni tayyorlash jarayonida masalani chuqurroq tahlil qilib, Agentlikning axborot xizmati hamda hududiy boshqarma xodimlari bilan holatni to‘liq o‘rgangan holda yoritishga chaqirib qoladi.
