#rasmiy_munosabat
2025-06-26 11:55:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida Buxoro shahrining qadimiy “Talipoch qal’a” darvozasi atrofida bozor joylashgani sababli hududga chiqindilar tashlab ketilgani aytilgan. Madaniy meros agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘sha kunning o‘zida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
XVI asrga oid bo‘lgan “Talipoch qal’a” darvozasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan davlat muhofazasiga olingan.
Agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur madaniy meros obyektlari atrofida aniqlangan holat bo‘yicha kamchiliklar shu kunning o‘zida bartaraf etildi. Tarixiy yodgorlik atrofi chiqindilardan tozalanib, obida yon-atrofi tartibga keltirildi.
Shuningdek, vaqtincha turib qolgan yuk avtomobillari boshqa manzilga ko‘chirildi hamda bu kabi holatlarni oldini olish yuzasidan muntazam nazorat o‘rnatish choralari ko‘rildi. Yuqoridagi holatlarni oldini olish maqsadida hududiy boshqarma xodimlari tomonidan bozor ma'muriyatiga tushuntirish ishlari olib borildi.
