#rasmiy_munosabat
2025-06-19 17:30:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining birida “Jomboydagi madaniy meros obyektlari qachon ta’mirlanadi?” sarlavhasi ostida maqola chop etilgan. E’lon qilingan ma’lumot yuzasidan Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Qayd etish kerak hozirgi vaqtda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 45 ta: 39 ta arxeologiya, 6 ta arxitektura madaniy meros obyektlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan davlat muhofazasiga olingan. XIX-XX asrlarga oid “Ibrohim ota” masjidi hukumatning ushbu qarori asosida Milliy ro‘yxatda qayd etilgan.
Maqolada keltirilgan “Ibrohim ota” masjidi tashrif buyuruvchilar uchun ziyoratgoh sifatida faoliyat yuritadi. Bu maskan nafaqat diniy, balki madaniy-ma’naviy ahamiyatga ega tarixiy yodgorlikdir. Bugungi kunda masjid binosi ta’mirtalab bo‘lgani sababli Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ushbu yodgorlikni 2026-yilda restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladigan madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarining manzilli ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha zarur hujjatlar tayyorlanayotganligini ma’lum qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, hozirda Jomboy tumandagi 39 ta madaniy meros maskanlariga muhofaza belgilari o‘rnatilgan bo‘lib, qolgan 6 ta yodgorlik uchun muhofaza belgilari uchun buyurtma berilgan.
