#yurtimiz_durdonalari
2025-06-02 09:35:00 / Yangiliklar

Burmalangan Jarqo‘rg‘on minorasi
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on va Termiz shaharlari oralig‘ida joylashgan Minor qishlog‘ida qad rostlagan Jarqo‘rg‘on minorasi O‘zbekistonning o‘ziga xos me’morchilik durdonalaridan biri sanaladi. Mahobatli inshoot o‘zining betakror bezagi va noyob me’moriy ko‘rinishi bilan arxeologlar va tarixchilarni hayratga solmoqda.
Jarqo‘rg‘on minorasi 1109-yilda Saljuqiylar sulolasidan bo‘lgan Sulton Sanjarning buyrug‘iga asosan barpo etilgan. Minorada uning quruvchisi Seraxs shahridan bo‘lgan me’mor usta Ali ibn Muhammadning ismini va undan yuqoriroq qismida oxiriga yetkazilmagan Qur’oni Karimning muqaddas suralarini ko‘rish mumkin. Minoraning siljigan o‘qi tufayli u tugallanmagan yoki qisman vayron bo‘lgan deya taxmin qilinadi. 1879-yilda minora yaqinida qadimiy masjidning xarobalari topilgan, bu esa minoraning qurilish jarayonlariga alohida urg‘u berilganidan dalolat beradi. Minoraga nima bo‘lganligi va nima uchun masjid vayron qilinganligi to‘g‘risida tarixchilar haligacha bir to‘xtamga kela olishmagan.
Jarqo‘rg‘on minorasi o‘ziga xos takrorlanmas bezaklar bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Hindiston me’morchiligiga xos bo‘lgan archa naqshidagi g‘isht terimi minora yuzasida g‘oyat nafis burama shakllarni hosil qilgan. Ushbu naqshlar inshootga har tomondan qaraganda o‘ziga jalb etuvchi matoga o‘xshash tasvirni uyg‘otadi. Minora 16,5 ta yarim ustundan iborat bo‘lib, ichkarisida aylanma zinapoya joylashgan. Ushbu zinalar orqali uning eng yuqori nuqtasiga chiqish mumkin.
Bugungi kunda Jarqo‘rg‘on minorasi davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, O‘zbekistonning eng muhim tarixiy-madaniy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Uning me’moriy noyobligi va qadr-qimmati nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham katta e’tiborga loyiqdir.
