#rasmiy_munosabat
2025-05-13 08:25:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Jon berayotgan eski Chaqar bo‘ylab sayr qildim, hech kim uni himoya qilmayapti” mazmuni ostida xabar qoldirilgan. Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi 5-bandida “Moddiy madaniy meros obyektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish — moddiy madaniy meros obyektining tarixiy-badiiy qimmatini va asralishini o‘zgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan unsurlarini ta’mirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari” belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi 295-son qarorining 2-ilovasi 5.5-bandiga muvofiq, Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashiga “moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalarga xulosa berish” funksiyalari belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda 2024-yilning 10-iyul kuni “Solidity Grup” xususiy korxonasiga Shayxontohur tumanining Furqat va Qoratosh ko‘chalari oralig‘ida joylashgan “Chaqar” mahalla hududida ko‘p qavatli turar-joy binolari, biznes markazi, mehmonxona, madaniy hordiq chiqarish maskanini barpo etish, shuningdek, XVII asrga oid “Azlarxon Eshon” maqbarasini ta’mirlash ishlari yuklatilgan.
Shu sababli, mazkur obyekt doirasidagi har qanday ta’mirlash, tiklash yoki restavratsiya ishlari loyihasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilishi zarurligi haqida tadbirkorga tushuntirish berildi.
Madaniy meros obyektlarining muhofazasi bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilinishi zarur bo‘lib, bu boradagi barcha ishlar davlat nazoratida amalga oshirib kelinmoqda.
