#rasmiy_munosabat
2025-05-05 13:30:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining birida Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida joylashgan “Valixonto‘ra uyi” ta’mirtalab holatga kelib qolgani aytilgan. Madaniy meros agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Agentlikning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan tarixiy yodgorlikda o‘rganish ishlari olib borildi. Maskanni qayta ta’mirlash bo‘yicha madaniy meros obyektlarini saqlash, ta’mirlash va restavratsiya qilish uchun manzilli yo‘l xaritasiga kiritishga doir ishlar belgilab olindi. Yodgorlikni ta’mirlash bo‘yicha zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqish joriy yilda, restavratsiya, ta'mirlash-tiklash ishlarini olib borish 2026-yildan ko'zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, XIX asrga oid “Valixonto‘ra uyi” me’moriy yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti xususiy mulk sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Ma’lumot uchun, Valixonto‘ra XIX asrda Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritgan jadidchilik harakati namoyandalaridan biri, ma’rifatparvar, o‘z davrining yetuk ziyolisi bo‘lgan. Marg‘ilon shahrida joylashgan ushbu yodgorlik uning uylaridan biri bo‘lgan. Maskan xonlar va yetuk ulamolarning qarorgohi bo‘lgan. Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri 57 va 58-uylarda joylashgan “Valixonto‘ra uyi” yodgorligi tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan dargoh hisoblanadi.
